Bandixonda “Ibratli oila”lar e’tirof etildi
2026-05-15 17:00:00 / Yangiliklar

15-may — "Xalqaro oila kuni" munosabati bilan Bandixon tumanida ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi samimiy tadbir tashkil etildi. Unda oila qadri, mehr-oqibat, ahillik va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash kabi ezgu tushunchalar yana bir bor ulug‘landi.
Tadbir davomida Bandixon tuman hokimi Abdumalik Allamuradov tumandagi barcha oilalarni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etib, jamiyatda o‘zining ahilligi, farzandlar tarbiyasiga bo‘lgan mas’uliyati, mehnatsevarligi, odob-axloqi va namunali turmush tarzi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh oilalarga “Ibratli oila” ko‘krak nishonlarini tantanali ravishda topshirdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, har bir mahalla va jamiyatning mustahkamligi, avvalo, oiladagi sog‘lom muhit, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va totuvlikka bog‘liq. Ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, oilaviy an’analarni davom ettirish hamda mustahkam oilalarni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilda Bandixon tumanida 6 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga munosib deb topildi. Ushbu oilalar o‘zining hayotiy tajribasi, ahilligi, farzandlar tarbiyasidagi ibratli yondashuvi hamda jamiyatdagi faolligi bilan keng jamoatchilik hurmatiga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Tadbir yakunida nuroniylar, faollar va jamoatchilik vakillari tomonidan yurtimizda inson qadri ulug‘lanayotgani, oilalar farovonligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga yuksak baho berildi.
Zero, tinch va farovon jamiyat — mustahkam va ahil oilalardan boshlanadi.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati








