Bandixonda yana bir muhim tarixiy voqea 13 km yo‘l yangilanmoqda!
2026-04-23 17:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida yana bir tarixiy va xalqimiz uchun muhim bo‘lgan loyiha boshlab yuborildi. Tumandan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatdagi 75V089 “Oybek q – Bandixon Shreder ilmiy tadqiqot xo’jaligi”ga olib boruvchi avtomobil yo‘lining Bandixon, Bahoriston, Gulbog‘ va Qaldirg‘och mahallalari hududidan o‘tuvchi 13 kilometrlik qismida asfaltlash ishlari uchun yer tayyorlash jarayonlari start oldi.
Mazkur loyiha nafaqat yo‘l infratuzilmasini yaxshilaydi, balki aholining kundalik hayotini yengillashtirib, transport qatnovini yanada qulay va xavfsiz qiladi.
Jarayonlar tuman hokimi Abdumalik Allamuradov tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish davomida mas’ullarga ishlarni yuqori sifatda, belgilangan me’yorlarga to‘liq rioya qilgan holda bajarish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Ayniqsa, ushbu yo‘l uzoq yillar davomida xalqimizga xizmat qilishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Bugun boshlangan bunyodkorlik ishlari ertangi farovon hayotimiz uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bandixonda amalga oshirilayotgan bunday loyihalar hudud taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati






