Ta’limga e’tibor — kelajakka investitsiya
2026-04-20 15:30:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Bandixon tumani Quduqsoy mahallasida joylashgan 33-sonli umumta’lim maktabida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur hududda umumiy qiymati 3,3 milliard so‘mni tashkil etuvchi, 240 o‘rinli zamonaviy qo‘shimcha bino barpo etilmoqda. Ushbu yangi inshoot o‘quvchilarga yanada qulay va zamonaviy sharoitda ta’lim olish imkonini yaratib, maktabning qatnov koeffitsientini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirish davomida sifat masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullarga sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanmaslik bo‘yicha qat’iy ogohlantirish berilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Ta’lim maskani mustahkam va uzoq yillarga xizmat qilishi uchun har bir detal muhimligi ta’kidlandi.
Yangi bino foydalanishga topshirilgach:
— o‘quvchilar uchun yorug‘ va keng sinf xonalari
— zamonaviy jihozlangan kabinetlar
— samarali ta’lim jarayonini tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratiladi
Tashrif davomida viloyat rahbari maktab o‘quvchilari bilan samimiy suhbat o‘tkazdi. Yoshlarning orzu-intilishlari, kelajak rejalari tinglanib, ularga sifatli ta’lim olish, bilim va kasb egallash yo‘lida barcha imkoniyatlar yaratilayotgani alohida qayd etildi.
Bugungi kunda ta’lim tizimini rivojlantirish, o‘quvchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish — eng ustuvor vazifalardan biri bo‘lib, Bandixon tumanida bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









