Bandixonda investitsiya loyihalari jadallashmoqda
2026-04-20 15:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida aholi turmush darajasini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov tumanda bo‘lib, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Quduqsoy mahallasida 50 gektar maydonda tashkil etilishi rejalashtirilgan Termiz erkin iqtisodiy zonasining Bandixon filialini zarur infratuzilmalar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, hududni elektr energiyasi, ichimlik suvi, oqova suv tizimi hamda yo‘l infratuzilamalari bilan ta’minlash bo‘yicha loyiha ishlari jadallashtirilishi belgilandi.
Viloyat rahbari tomonidan ajratilayotgan davlat mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanish, barcha ishlarni aniq reja asosida va sifatli amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, Termiz EIZ Bandixon filialida amalga oshirilayotgan “Bolalar ozuqasi va meva sharbatlari ishlab chiqarish” loyihasining loyiha-rejalashtirish ishlari yuzasidan mas’ullarning hisoboti tinglandi.
Ma’lumot uchun:
— 5 gektar maydonda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi
— Umumiy investitsiya hajmi 50 million AQSh dollarini tashkil etadi
— 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati





