Uch avlod uchrashuvi: Maktabni yigirma yil oldin bitirgan bitiruvchilar maktabga zamonaviy doskalar va sport anjomlari sovg'a qilishdi
2026-04-11 09:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida samimiy va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 2006-yilda ushbu maskanni tamomlagan bir guruh bitiruvchilar oradan yigirma yil o‘tib, yana o‘z maktablariga qaytishdi.
Bu tashrif oddiy uchrashuv emas, balki uch avlod — ustozlar, bitiruvchilar va bugungi o‘quvchilarni birlashtirgan ma’naviy ko‘prik bo‘ldi. Sobiq bitiruvchilar o‘zlari ta’lim olgan dargohga hurmat va minnatdorlik ramzi sifatida maktabga zamonaviy doskalar hamda sport anjomlarini sovg‘a qilishdi.
Mazkur tashabbus yoshlar tarbiyasida alohida ahamiyatga ega. Chunki bugungi o‘quvchilar o‘zlaridan oldingi avlod vakillarining yutuqlari, hayotiy yo‘li va maktabga bo‘lgan sadoqatidan ibrat oladi. Bu esa ularda Vatanga, ta’lim maskaniga va ustozlarga bo‘lgan hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlaydi.
Shuningdek, bunday ezgu ishlar jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va birdamlik qadriyatlarini qaror toptirishga xizmat qiladi. “Maktab — muqaddas dargoh” degan tushuncha aynan mana shunday amaliy ishlar orqali yanada mustahkamlanadi.
Uch avlod uchrashuvi nafaqat esdalik, balki kelajak avlod uchun kuchli motivatsiya va tarbiya maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









