Tanqidiy tahlil va aniq vazifalar — mahalla tizimiga yangi yondashuv
2026-04-04 16:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida mahalla tizimi faoliyatini yanada kuchaytirish, aholi muammolariga o‘z vaqtida va manzilli yechim topish masalalariga bag‘ishlangan muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning I choragi yakunlari yuzasidan o‘tkazilgan “Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash kengashi” yig‘ilishi tuman hokimi, kengash raisi Abdumalik Allamuradov rahbarligida tashkil etildi. Unda tegishli tashkilotlar rahbarlari, kengash a’zolari hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mahallalarda olib borilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
Xususan:
- “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish,
- aholini bandlikka jalb etish va kambag‘allikni qisqartirish,
- yoshlar bilan manzilli ishlash,
- ijtimoiy himoya,
- jinoyatchilikning oldini olish,
- oilaviy ajrimlarni kamaytirish,
- noqonuniy migratsiya holatlariga barham berish
kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ayrim mahallalarda mavjud kamchiliklar ochiq tanqid qilinib, mas’ullarga faoliyatni tubdan yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mahalla yettiligi xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy choralar ko‘rildi.
Yig‘ilish yakunida esa 2026-yil II choragi davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olinib, mahallalarda tizimli ishlarni kuchaytirish, aholi bilan ochiq va doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
Zero, kuchli mahalla — barqaror jamiyat poydevori!









