"Har payshanba — imkoniyatlar kuni" - Bandixonda yosh sportchilar bilan uchrashuv tashkil etildi
2026-03-26 10:00:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda yoshlar siyosatini izchil amalga oshirish, yigit-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega bo‘lgan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Bandixon tumanida ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, iqtidor va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Yoshlar daftari” orqali muammolarni manzilli hal etish, startap va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli imkoniyatlar yaratish, sport hamda ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
🗓 Haftaning “Payshanba — yoshlar kuni” munosabati bilan Yoshlar bilan ishlash Respublika komissiyasi a'zolari, Bandixon tumani hokimi Abdumalik Allamuradov, tuman prokurori Bobur Toshpulatov, tuman IIB boshlig'i Jo'rabek To'rayevlar tumandagi sport maktabida yosh sportchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida tuman rahbarlari chempion yoshlar bilan samimiy suhbatlashib, ularning kelajakdagi orzu-intilishlari, rejalari, erishgan yutuqlari hamda mavjud muammolari bilan qiziqdi. Yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar diqqat bilan tinglandi.
Suhbat jarayonida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Jumladan:
• “Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;
• yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun "imtiyozli kreditlar va grantlar";
• zamonaviy kasb-hunarlarni egallash uchun "o‘quv kurslari va markazlar";
• iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan "tanlovlar, loyihalar va stipendiyalar";
• sport, madaniyat va ijod yo‘nalishlarida o‘z qobiliyatini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi alohida ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar — jamiyatimizning eng katta boyligi, yurtimiz kelajagining mustahkam poydevoridir. Ularning bilimli, tashabbuskor va vatanparvar bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoitlarni yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









