Yerni o‘zboshimchalik bilan egallash: "meniki bo‘lib qoladi" degan tushuncha qanchalik xavfli?
2026-03-27 10:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ba’zi holatlarda odamlar "bu yer bo‘sh yotibdi", "bir oz foydalanib turaman" degan fikr bilan yer uchastkasini hujjatsiz egallab olishadi. Ammo ko‘pchilik bilmaydiki, bunday harakat oddiy qoidabuzarlik emas, balki jiddiy huquqiy oqibatlarga olib keladi.
O‘zbekistonda yer davlat mulki hisoblanadi. Demak, har qanday yer uchastkasidan faqat qonun asosida, tegishli ruxsat bilan foydalanish mumkin. Agar kimdir yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olsa, u nafaqat qonunni buzadi, balki kelajakda o‘zini muammoga qo‘yadi. Masalan, Jinoyat ishlari bo‘yicha Bandixon tuman sudida 2026 yilning dastlabki uch oyida aynan shu turdagi 3 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Natijada, ikki nafar shaxsga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan, yana bir nafar shaxsga esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Bu shuni anglatadiki, "shunchaki egallab oldim" degan harakat jinoyat deb baholanishi mumkin.
Yerni o‘zboshimchalik bilan egallashning yana bir yomon tomoni — u baribir qaytarib olinadi. Ya’ni, siz qancha mablag‘ sarflab, u yerda qurilish qilgan bo‘lsangiz ham, barchasini buzishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu esa vaqt, pul va asab yo‘qotish degani.
Shuning uchun eng to‘g‘ri yo‘l — yer masalasida shoshilmaslik va qonunga amal qilish. Yer olish yoki undan foydalanishni istasangiz, albatta tegishli davlat organlariga murojaat qilib, rasmiy ruxsat olish kerak.
Xulosa qilib aytganda, yerni o‘zboshimchalik bilan egallash "oson yo‘l"dek tuyulishi mumkin, lekin uning oqibati og‘ir. Qonunni chetlab o‘tish emas, balki unga amal qilish insonni ortiqcha muammolardan asraydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bandixon tuman sudi
tergov sudyasi M.Abdumo‘minov
