Ramazon hayiti shodiyonasi yurtimizda keng nishonlandi
2026-03-20 07:35:00 / Yangiliklar

Muborak Ramazon hayiti vohamizning barcha hududlarida katta shod-u xurramlik, mehr-oqibat va shukronalik ruhida keng nishonlanmoqda.
Bayramning birinchi kuni erta tongda Bandixon tumanidagi 2 ta jome’ masjidda 7,5 mingdan ortiq namozxon hayit namozini ado etib, ushbu muborak kunni ibodat bilan boshladi.
Xususan, tumandagi “Saidmuhammad” hamda “Eshoni Ahmad xoji” jome’ masjidlari yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi. Hayit namozi oldidan o‘qilgan ma’ruzalarda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, insoniy fazilatlarni ulug‘lash, shuningdek, jamiyatda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash, xayr-saxovat va saxiylikning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Yurtdoshlarimiz Ramazon hayitining qutlug‘ onlarida shukrona keltirib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz tinchligi uchun ezgu duolar qildilar.
Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









