Bandixonda 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosib nishonlandi
2026-03-07 18:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanidagi “Xonsaroy” tantanalar saroyida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tumanning asosiy bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda, katta shodiyona bilan bo‘lib o‘tdi.
Bahorning ilk nafasi bilan kirib keladigan ushbu qutlug‘ ayyom — ayollarga bo‘lgan hurmat va ehtirom, ularning jamiyatimizdagi beqiyos o‘rnini e’tirof etish kunidir. Bayram tadbirida tumanimizning turli sohalarida fidokorona mehnat qilayotgan, oilada mehr va sadoqat timsoli bo‘lgan xotin-qizlar jam bo‘lishdi.
Bayram tadbiri avvalida jamiyat rivoji, mahalla hayoti, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik va boshqa sohalarda faol mehnat qilayotgan bir guruh xotin-qizlarga tuman hokimligining esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda Bandixon tumani hokimi Abdumalik Allamuradov ishtirok etib, jamiyatimiz gultojlari bo‘lgan aziz va mo‘tabar xotin-qizlarni bahorning eng go‘zal bayrami — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Tuman hokimi o‘z tabrik so‘zida yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ilm-fan, tadbirkorlik, ta’lim, tibbiyot hamda boshqa ko‘plab sohalarda o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, ayollar — oilaning mehr chirog‘i, farzandlar tarbiyasining poydevori, jamiyatimizning mustahkam tayanchi ekani, ularning fidokorona mehnati va sabr-toqati tufayli hayotimiz yanada fayzli va mazmunli bo‘lib borayotgani qayd etildi.
Tadbirning badiiy qismi ham bayramga yanada fayz bag‘ishladi. Termiz shahridan tashrif buyurgan “New star” guruhi tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, dilbar raqslar va sahna chiqishlari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Samimiy tabriklar, ezgu tilaklar va bayramona kuy-qo‘shiqlar ostida o‘tgan ushbu tantana ayollar qalbida unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Aziz va mo‘tabar xotin-qizlarimiz — Sizlar jamiyatimizning bebaho boyligi, oilalarimizning iftixori va yurtimiz ravnaqining muhim tayanchisiz. Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilaymiz!
8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni barchangizga muborak bo‘lsin!
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









