Bandixonlik nuroniylar va mehnat faxriylari “Islom sivilizatsiyasi” markazini ziyorat qilmoqda
2026-03-07 11:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanidagi bir guruh nuroniylar va mehnat faxriylari poytaxtimizdagi muhtasham ilmiy-ma’rifiy maskan — Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishmoqda.
Mazkur markaz xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi, buyuk allomalarimizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda islom tamaddunining yuksak qadriyatlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida barpo etilgan. Sayohat davomida nuroniylar markazning zamonaviy arxitekturasi, boy ekspozitsiyalari hamda noyob tarixiy manbalarni o‘zida jamlagan ko‘rgazma zallari bilan tanishdilar.
Faxriylar bu yerda ajdodlarimiz — buyuk muhaddislar, olimlar va mutafakkirlarning ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lib, qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy ashyolar va interaktiv ekspozitsiyalarni katta qiziqish bilan tomosha qildilar. Shuningdek, markaz faoliyati orqali yosh avlodni milliy va ma’naviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdilar.
Nuroniylar yurtimizda tarixiy merosni asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish hamda milliy o‘zligimizni yanada mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslarni yuksak baholab, tashkil etilgan sayohat uchun o‘z minnatdorliklarini bildirdilar.
Bunday ma’rifiy sayohatlar nuroniylarning mazmunli hordiq chiqarishlari, ularning hayotiy tajribasidan bahramand bo‘lish hamda jamiyatda keksalarni e’zozlash an’analarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati






