Bandixonda otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi
2026-03-05 11:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida uyushmagan yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘rganishga jalb etish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida joylarda otaliqqa olingan yoshlar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri bugun Bandixon tumanidagi 17-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida bo‘lib o‘tdi. Unda Bandixon tumani hokimi A.Allamuradov, tuman prokurori B.Toshpulatov, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i J.To‘rayev hamda mas’ul tashkilot rahbarlari ishtirok etib, otaliqqa olingan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor haqida atroflicha fikr yuritildi. Shuningdek, yoshlarning tarbiyasi, xulq-atvori, bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish hamda ularning bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Tadbir davomida har bir yosh bilan individual suhbatlar o‘tkazilib, ularning muammolari, qiziqishlari va kelajakdagi rejalari tinglandi. Yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur choralar belgilab olindi.
Shuningdek, uchrashuv jarayonida so‘nggi paytlarda sodir etilayotgan ayrim jinoyatlar va huquqbuzarliklar, ularning jamiyat va inson hayotiga salbiy oqibatlari hayotiy misollar orqali tushuntirilib, yoshlarga huquqiy tushunchalar berildi. Yoshlar qonunlarga hurmat ruhida yashash, turli salbiy illatlardan yiroq bo‘lish hamda o‘z kelajagini mustahkam poydevor asosida qurishlari lozimligi alohida ta’kidlandi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning muammolarini joyida o‘rganish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda kelajakda jamiyatimizning faol, tashabbuskor va mas’uliyatli fuqarolari etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









