Yoshlar siyosati — kelajakka qaratilgan ishonchli sarmoya: “Payshanba — yoshlar kuni”
2026-03-05 10:00:00 / Yangiliklar

Bandixon tumanida yoshlar bilan ishlash, ularning taklif hamda muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish, bandligini ta’minlash, startap va innovatsion loyihalarni rag‘batlantirish, sport hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni keng yo‘lga qo‘yish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda haftaning har “Payshanba — yoshlar kuni” munosabati bilan Bandixon tumanida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda Bandixon tumani hokimi Abdumalik Allamuradov, tuman prokurori B.Toshpulatov, tuman IIB boshlig‘i J.To‘rayev hamda tumandagi Ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida yoshlarning startap loyihalarini moliyaviy va tashkiliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish, ijtimoiy faolligini oshirish hamda ta’lim olish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida fikr almashildi. Shuningdek, yoshlarning kelajak rejalari, tadbirkorlik g‘oyalari va jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida yoshlar bilan individual suhbatlar o‘tkazilib, ularning orzu-intilishlari, muammo va takliflarini atroflicha tinglandi. Bildirilgan fikr va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Uchrashuvda tumanning yosh baxshisi Abubakir baxshi To'rayev tomonidan yurt madhini tarannum etuvchi baxshi termalar ijro etilib, tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Uchrashuv yakunida bir guruh faol yoshlarga badiiy va ilmiy kitoblar sovg'a qilindi.
Ta’kidlanganidek, yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etish, ularning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan, Vatanga sadoqatli, bilimli va tashabbuskor avlodni tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









