Xorazm maqom kechasi – milliy san’atimizga ehtirom
2026-01-16 14:00:00 / Yangiliklar

Bugun Bandixon tumanidagi 17-sonli bolalar va musiqa san'at maktabi konsert zalida yuksak saviyada “Xorazm maqom kechasi” o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Xorazm Maqom ansambli, shuningdek O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artistlari aka-uka G‘ofurjon va G‘ulomjon Eshchonovlar ishtirok etdi.
Kechada Xorazm maqomining betakror namunalari— “Savti suvvora”, “Dog‘man”, “Sodirxon ushshog‘i” kabi asarlar, shuningdek milliy san’atimiz darg‘alari Komiljon Otaniyozov, Rahmatjon Qurbonov, Ortiq Otajonov va Otajon Xudoyshukurov ijodidan “Bo‘ylaringga”, “Biri sensan, biri man”, “Manga bir boq-boq”, “Lazgi” kabi xalqimiz sevib tinglaydigan kuy-qo‘shiqlar jonli ijroda taqdim etildi.
Mazkur maqom kechasi milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbida san’atga muhabbat uyg‘otish hamda Xorazm maqom an’analarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bandixon tumani hokimligi
Axborot xizmati









