Muammolar tinglandi, yechimlar belgilandi
2026-10-20 17:35:00 / Yangiliklar

#shaxsiy_qabul
Muammolar tinglandi, yechimlar belgilandi
Aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga yechim topish hamda ular bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish Angren shahrida tizimli tashkil etilgan
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 13-mart kuni aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida fuqarolar bilan shaxsiy qabullar muntazam o‘tkazilayapti.
Xususan, Angren shahar hokimi va uning o‘rinbosarlari tomonidan har hafta shahar Xalq qabulxonasi binosida fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazilib, ularning murojaatlari tinglanmoqda.
Navbatdagi shaxsiy qabul Angren shahar hokimi o‘rinbosari Mavluda Abdurahmonova ishtirokida bo‘ldi.
Qabul davomida fuqarolardan jami 7 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 2 tasi joyida hal etildi, qolgan murojaatlar esa atroflicha o‘rganib chiqish va qonuniy yechim topish uchun mas’ullarga yo‘naltirildi.
Murojaatlarda, asosan, oilaviy masalalar, oilaviy ajrimlarning oldini olish, moddiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, Monomarkazda kasb-hunar egallash uchun o‘qishga yo‘llanma olish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi.
Har bir murojaat alohida tartibda ko‘rib chiqilib, ularni hal etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha mas’ullarga zarur o‘rganish ishlarini olib borish va natijasi yuzasidan amaliy choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Fuqarolar murojaatlarini e’tiborsiz qoldirmaslik, ularning muammolariga o‘z vaqtida yechim topish hamda aholi bilan samarali muloqotni mustahkamlashga qaratilgan ishlar Angren shahrida izchil davom ettirilmoqda.
Angren shahar hokimligi Axborot xizmati
