Aholi murojaatlari mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi
2026-09-11 23:30:00 / Yangiliklar

Aholi murojaatlari mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi
Angren shahrida aholini qiynab kelayotgan va hududga oid muammolarni joyida ko‘rib chiqish hamda bartaraf etish maqsadida shahar hokimi, hokim o‘rinbosarlari va tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida mahallalarda sayyor qabullar o‘tkazish tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun Angren shahar hokimi Alisher Rayimov boshchiligida shahar hokimi o‘rinbosari Azizbek Parpiyev, shahar Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari Elmurod Ubaydullayev hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida “Nurchi” mahallasida sayyor qabul o‘tkazildi. “Nurchi” mahallasida sayyor qabul davomida jami 10 ta murojaat kelib tushdi. Fuqarolar asosan “Nurchi” MFY 5/1 “A” dahasi 2-uy yerto‘lasida yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish, “Gulbog‘” mahallasidagi xonadonlarga ichimlik suvi quvurini tortish, dehqon bozori hududida savdo-sotiq uchun joy ajratish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, oilaviy nizoga barham berish, sog‘lig‘i uchun moddiy yordam ajratish, ishga joylashtirish hamda bir qator ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaat qildilar.
Har bir murojaat shahar hokimi va tegishli mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Ayrim murojaatlar yuzasidan fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.
Mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni ijobiy hal etish maqsadida ularni chuqur o‘rganish, masalalarning yechimini topish hamda natijasi yuzasidan tegishli choralar ko‘rish vazifalari topshirildi. Murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi.
Angren shahar hokimligi Axborot xizmati
