ILK QO‘NGʻIROQ — BUYUK ORZULAR SARI QADAM!
2026-09-02 15:05:00 / Yangiliklar

ILK QO‘NGʻIROQ — BUYUK ORZULAR SARI QADAM!
Yangi o‘quv yilining ilk kuni — bolalikning beg‘ubor quvonchi, ustozlarning ezgu niyatlari va katta orzular mujassam bo‘lgan ayyom.
Bugun ertalab Angren shahar 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda 2026–2027-o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Angren shahar hokimi Alisher Rayimov ishtirok etib, ustoz va o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, Oliy Majlis deputati Qizilgul Qosimova so‘zga chiqib, maktab jamoasi va o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan qutladi.
Bugun maktabda 1275 nafar o‘quvchi yangi bilimlar sari qadam qo‘ydi. Ular orasida 114 nafar 1-sinf o‘quvchisi uchun esa bu kun hayotidagi ilk katta qadamlardan biri bo‘ldi.
Kichkintoylarga Prezident sovg‘alari hamda esdalik kalitosqichlari tantanali ravishda topshirildi.
Zero, maktab ostonasidan boshlangan ilk qadamlar — buyuk orzular sari tashlangan dadil qadamdir.
Tantanada O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Kengashi raisi Feruza Xaldarova, «Kimyogar» MFY raisi Murod Xolmatov, 42219-harbiy qism harbiy xizmatchilari, «Kelajak» markazi direktori Zuhra Yusupova, maktab pedagoglari, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirok etdilar.
Bayramona tadbir davomida Vatanga muhabbat, ona yurtga sadoqat, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash kabi ezgu g‘oyalar tarannum etildi.
Yangi o‘quv yili barchamizga yangi marralar, ulkan yutuqlar va ezgu imkoniyatlar olib kelsin!
📚 Yangi o‘quv yili muborak bo‘lsin!
Angren shahar hokimligi Axborot xizmati
