MUSTAQILLIK SHUKUHI: E’ZOZ VA EHTIROM
2026-08-27 08:35:00 / Yangiliklar

MUSTAQILLIK SHUKUHI: E’ZOZ VA EHTIROM
Angrenda bayram munosabati bilan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi
Angren shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tadbirlari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Angren shahar hokimligida istiqlol ayyomi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali taqdirlash marosimida shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi va tashabbuskor yurtdoshlar e’zozlandi.
Tadbirni ochib bergan Angren shahar hokimi Alisher Rayimov yig‘ilganlarni ulug‘ ayyom — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
— «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» — degan ezgu g‘oya atrofida birlashib, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilish har birimiz uchun sharafli vazifadir,
— deya ta’kidlandi tadbirda.
Taqdirlash marosimida turli soha vakillarining mehnati alohida e’tirof etildi. O‘z kasbiga sadoqat bilan yondashib, shahar ravnaqi, obodligi va aholi farovonligi yo‘lida samarali mehnat qilib kelayotgan fuqarolarga munosib ehtirom ko‘rsatildi.
Tadbirda shahar ahli, mehnat jamoalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taqdirlanganlar uchun bugungi kun nafaqat bayram, balki yillar davomidagi mehnat va fidoyilikning munosib e’tirofi bo‘ldi. Zero, yurt taraqqiyotiga qo‘shilgan har bir hissa, jamiyat ravnaqi yo‘lida qilingan har bir ezgu ish qadrli va e’tiborga loyiqdir.
Tantanali tadbir so‘ngida ishtirokchilar yurtimizda tinchlik va osoyishtalik, xalqimiz hayotida farovonlik va baraka, mustaqil O‘zbekistonimizning taraqqiyoti va ravnaqi yanada yuksalishini tiladilar.
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
