Angren shahrida “Mustaqillik to‘yi” festivali yuqori kayfiyatda o‘tkazildi
2026-07-14 23:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Angren shahrining “Taraqqiyot” mahallasida joylashgan “Delfin” yopiq suzish havzasida davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida “Mustaqillik to‘yi” festivali bo‘lib o‘tdi.

Angren shahar hokimi Alisher Rayimovning "Taraqqiyot" mahallasida o‘tkazilgan "Mustaqillik to‘yi" festivalidagi nutqi
Angren shahar hokimligi Axborot xizmatiAssalomu alaykum, muhtaram nuroniylar, aziz mahalla faollari, mehnat faxriylari, hurmatli ustozlar, yoshlar va qadrli yurtdoshlar!
Avvalo, barchangizni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, xonadonlaringizga baxt-saodat, dasturxonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Bugun biz Angren shahrining “Taraqqiyot” mahallasida «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori asosida tashkil etilgan «Mustaqillik to‘yi» festivalida jam bo‘lib turibmiz. Ushbu ezgu shior yurtimizdagi tinchlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik va xalqimiz birligining yorqin ifodasidir.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqimiz farovonligini oshirish, inson qadrini yuksaltirish va demokratik davlat qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini yaratmoqda.
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – bu faqatgina shior emas, balki xalqimiz hayotida o‘zining amaliy ifodasini topayotgan ulkan o‘zgarishlar dasturidir. So‘nggi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yangi maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, madaniyat va sport inshootlari qurildi, zamonaviy yo‘llar, ko‘priklar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari barpo etildi. Mahallalarda, qishloq va ovullarda aholi uchun qulay infratuzilma yaratildi, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlantirildi, yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Bu o‘zgarishlar har bir fuqaroning kundalik hayotida o‘z aksini topmoqda.
Mamlakatimiz suveren taraqqiyot yo‘lidan qat’iyat bilan ilgarilab bormoqda. Hurmatli Prezidentimiz mustaqil ichki va tashqi siyosatni yuritib, milliy manfaatlarimizni ta’minlash, xalqimiz tinchligi va xavfsizligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bugungi kunda dunyoda turli mojarolar, geosiyosiy ziddiyatlar va tinchlikka tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda mustaqillik har bir millat uchun eng buyuk boylik ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mustaqillik – milliy o‘zligimiz, davlatchiligimiz, tilimiz, qadriyatlarimiz va erkin taraqqiyotimizning mustahkam asosidir.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim maqsadlaridan biri – Uchinchi Renessans poydevorini barpo etadigan bilimli, ma’naviyatli va vatanparvar avlodni tarbiyalashdir. Shu maqsadda ta’lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda, zamonaviy o‘quv muassasalari tashkil etilmoqda, yoshlarning ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Chunki mamlakat taraqqiyotining asosiy omili – bilimli va salohiyatli inson kapitalidir.
Bugun Yangi O‘zbekiston xalqaro maydonda ham o‘zining munosib o‘rni va nufuzini mustahkamlab bormoqda. Mamlakatimiz ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosat yuritmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik kengayib, O‘zbekistonning global tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu esa mamlakatimizning xalqaro munosabatlarda faol va ishonchli sherik sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti ham izchil rivojlanib bormoqda. Yangi investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalari kengaymoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investisiya muhitini yaxshilash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar aholi bandligi va daromadlarining o‘sishiga xizmat qilmoqda. Bu esa fuqarolarning turmush darajasi va hayot sifati ortishiga zamin yaratmoqda.
Jumladan, Bu ezgu ishlar Angren shahrida, xususan, “Taraqqiyot” mahallasida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Bugun mahallamizda keng ko‘lamli qurilish, obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
“Taraqqiyot” mahallasida 49 ta ko‘p qavatli uyda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda:
7 ta bolalar maydonchasi;
8 ta vorkaut maydonchasi;
6 ta mini futbol maydonchasi barpo etildi;
152 ta pod’yezd yangilandi;
138 ta zamonaviy ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatildi;
140 ta ulug‘ allomalar stendi, 138 ta chiqindi qutisi va 138 ta o‘rindiq aholi xizmatiga topshirildi.
Ko‘p qavatli uylarning tashqi qiyofasini yanada chiroyli va zamonaviy ko‘rinishga keltirish maqsadida 38 ta uyning fasadi ta’mirlandi. Shu bilan bir qatorda, aholining kundalik turmushi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan pod’yezdlarni ta’mirlash, ularni obod va shinam holatga keltirish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Mahalla hududida kechki va tungi vaqtlarda harakat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar uchun yanada yorug‘ va xavfsiz muhit yaratish maqsadida zamonaviy ko‘cha yoritish chiroqlari o‘rnatilmoqda.
Yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga muhabbat va buyuk ajdodlarimiz merosiga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida ulug‘ allomalarga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy stendlar o‘rnatish ishlari ham rejalashtirilgan. Shuningdek, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, aholi, ayniqsa yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida kichik kutubxona tashkil etilmoqda.
Albatta, bu ishlar yurtboshimiz rahbarligida inson manfaati va xalq farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy samarasidir.
Amalga oshirilayotgan mazkur ishlar mahallaning me’moriy qiyofasini yanada obod va ko‘rkam qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, yoshlarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda mahallada sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Taraqqiyot mahallasidagi bunyodkorlik ishlari kelgusida ham izchil davom ettirilib, aholi farovonligini ta’minlash, mahalla infratuzilmasini yanada rivojlantirish va hududning jozibadorligini oshirishga qaratilgan yangi loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Ko‘p millatli O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini saqlash va mustahkamlash ham davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Yurtimizda turli millat va elat vakillari, turli diniy konfessiyalarga mansub fuqarolar o‘zaro hurmat, hamjihatlik va ahillik muhitida yashab kelmoqda. Bu esa mamlakatimiz tinchligi va barqaror taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ushbu qadriyatlarni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Aziz yurtdoshlar!
Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar xalqimiz manfaatlariga, inson qadrini yuksaltirishga va yurtimizning taraqqiy etgan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda. Bu yo‘lda har bir fuqaroning fidokorona mehnati, Vatanga muhabbati, qonunlarga hurmati va yuksak ma’naviyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Barchamiz birgalikda Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga munosib hissa qo‘shaylik. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz doimo farovon bo‘lsin!
https://t.me/angrenhokimligi_7/193178?single
