#qaror_va_ijro
2026-07-14 20:00:00 / Yangiliklar

#qaror_va_ijro
Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarni obod qilish, aholi turmush darajasini yuksaltirish va qulay yashash sharoitlarini yaratishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu ezgu o‘zgarishlar Angren shahrida ham o‘z aksini topmoqda.
Bugungi kunda shaharda islohotlar tufayli zamonaviy maskanlar bunyod etilib, mahallalar infratuzilmasi yangilanmoqda. Xususan, o‘tgan yillarda "Navbahor" va "Mirzo Ulug‘bek", joriy yilda esa "Ozodlik" mahallalari zamonaviy qiyofa kasb etdi. Ayni paytda "Taraqqiyot" mahallasida ham obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylar hududlarini obodonlashtirish va boshqaruv tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ–48-son qaroriga muvofiq, Angren shahridagi ko‘p kvartirali uylar joylashgan mahallalarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur qarorga asosan, "Kimyogar" mahallasida 7 ta zamonaviy bolalar o‘yingohi barpo etilishi belgilangan.
Bugun shahar hokimi Alisher Rayimov "Kimyogar" mahallasida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. U qurilish-pudratchi tashkilotlar mas’ullari hamda mahalla raisi M. Xolmatov bilan birgalikda qurilishi rejalashtirilgan bolalar o‘yingohi uchun ajratilgan hududni ko‘zdan kechirib, loyihani qisqa muddatda boshlash va sifatli amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Angren shahar hokimligi Axborot xizmati
