Yangi investisiya — yangi imkoniyat
2026-06-17 20:05:00 / Yangiliklar

Yangi investisiya — yangi imkoniyat
Bugungi kunda sanoat taraqqiyoti nafaqat yangi korxonalar soni, balki ularning eksport salohiyati, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari sifati hamda yaratayotgan ish o‘rinlari bilan ham baholanmoqda. Angren shahrida ishga tushirilgan navbatdagi yirik loyiha aynan shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. «O‘zkimyosanoat» tizimidagi zamonaviy korxonada maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishning yangi bosqichiga start berildi.
Angren erkin iqtisodiy zonasi hududida faoliyat yuritayotgan mazkur xorijiy kimyosanoat korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan yirik investisiya loyihasining ishlab chiqarish quvvatlari bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. Umumiy qiymati 30 million AQSH dollariga teng bo‘lgan loyiha 3,5 gektar maydonda barpo etilgan bo‘lib, uning birinchi bosqichida yiliga 30 ming tonna maishiy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Shuningdek, korxonada 150 ta doimiy ish o‘rni tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida ishlab chiqarish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Xususan, suyuq kir yuvish vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 10 million 600 ming dollar miqdorida investisiya jalb etish rejalashtirilgan. Bu esa korxonaning mahsulot turlarini ko‘paytirish, eksport salohiyatini oshirish hamda hududda yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.
— Loyihaning ikkinchi bosqichida ishlab chiqarish ko‘lami yanada kengayadi. Suyuq kir yuvish vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha investisiyalar jalb qilinadi. Natijada mahsulotlar assortimenti kengayadi, eksport hajmi ortadi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi, — dedi Alisher Rayimov.
Mazkur loyiha hudud sanoatini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Angren shahar hokimligi Axborot xizmati
