“Yoshlar kuni” munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etildi
2026-06-05 08:55:00 / Yangiliklar

Angren shahrida “Yoshlar kuni” munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, Yangi Angren madaniyat va sport majmuasi hududida bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.
Unda mahallaga biriktirilgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari hamda ishsiz aholi qatlami, asosan yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida ishtirokchilarga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, korxona va tashkilotlardagi mehnat imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir avvalida shahar hokimi Alisher Rayimov so‘zga chiqib, bugungi kunda Angren shahrida faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’yektlari hamda turli muassasalarda mavjud ish o‘rinlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, banklar tomonidan ajratilayotgan kredit mablag‘lari orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari xususida ham ma’lumot berdi.
Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida yoshlar, xotin-qizlar hamda ishsiz aholi vakillari, shahar IIB probatsiya hisobida bo‘lgan shaxslar uchun keng imkoniyatlar taqdim etildi. Tadbir davomida turli sanoat korxonalari, tadbirkorlik sub’yektlari va davlat tashkilotlari o‘zlarida mavjud vakant lavozimlar bilan ishtirok etdi.
Ishtirokchilar ish beruvchilar bilan bevosita suhbatlashib, bo‘sh ish o‘rinlari shartlari, ish haqi va mehnat faoliyatiga qo‘yiladigan talablar haqida batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
✍️ Angren shahar hokimligi Axborot xizmati
