"Oilamiz - kelajagimiz" oyligi,
2026-05-16 14:00:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, joriy yilning may oyida “Oilamiz — kelajagimiz” oyligi o‘tkazilyapti. Mazkur oylikdan ko‘zlangan asosiy maqsad farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribasini ommalashtirish, yoshlarni oilaviy hayotga mas’uliyat bilan tayyorlash, mahalla va jamiyatda oila muqaddasligiga bo‘lgan munosabatni yanada yuksaltirishdan iborat.
"Oilamiz - kelajagimiz" oyligi, "15 may - Xalqaro oila kuni" munosabati bilan Angren pedagogika texnikumida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.
Unda mazkur ta’lim muassasasini qirq yil avval tamomlagan bitiruvchilar, uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy ustozlar hamda bugungi kunda tahsil olayotgan o‘quvchilar, muassasa jamoasi, “Oqila ayollar harakati”, “Buvijonlar maktabi” va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni mustahkamlash, yoshlarni ustozlarga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.
Uchrashuv davomida mehnat faxriylari o‘z hayot yo‘li, kasbiy tajribasi va yoshlar tarbiyasi borasidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbirda Angren shahar hokimining o‘rinbosarlari Mavluda Abduraxmonova, Azizbek Parpiyev hamda Mahallalar uyushmasi shahar bo‘limi boshlig‘i Ziyodilla Xodjimatov ishtirok etdilar.
✍️ Angren shahar hokimligi Axborot xizmati
