ANGRENDA NAVRO‘Z SAYLI
2026-03-23 15:55:00 / Yangiliklar

ANGRENDA NAVRO‘Z SAYLI
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida ulkan qadamlar tashlanmoqda. Bugun Angren shahri va uning aholisi ana shunday ezgu amallarga hamohangdir. Angrenda qadimiy tarix va an’analarga ega bo‘lgan - Navro‘zi olamga bag‘ishlangan bayram shodiyonalari va sayli bahoriy kayfiyatda o‘tkazilmoqda. Ushbu bayram jamiyat hayotida insonparvarlik mohiyati, uning bag‘rikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlari ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda. Angshren shahrida ham Yangi O‘zbekiston qiyofasi o‘z ifodasini topmoqda. Shaharda amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi tarixiy o‘zgarishlar shu kunlarda qutlug‘ bayramlarga ulanib, mantiqan uyg‘unlashmoqda.
Odamlarga xursandchilik ulashmoqda. Angren shahrida “Ozodlik” mahallasida bo‘lib o‘tgan Navro‘z shodiyonalari “Yoshlar bog‘i”da tashkil etilgan Navro‘z umumxalq bayramiga ulanib ketdi.
“Navro‘zni ulug‘lash - insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram sayliga shahrimiz aholisi va mehmonlari tashrif buyurdilar. Bahorning iliq nafasi, borliqning uyg‘onishi, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlik chor atrofga o‘zgacha fayz bag‘ishlab turdi. Farovon hayotdan,tinch va osuda zamindan mamnun bo‘lgan angrenliklar shukronalik tuyg‘usi bilan ko‘tarinki kayfiyatda bayramni keng nishonladilar.
Bayram shodiyonalari davomida Angren shahar hokimi Alisher Rayimov yurtimizda, shuningdek, shahrimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida so‘z yuritdi.
Shuningdek, o‘zaro birlik va hamjihatlik fazilatlari bilan shaharda amalga oshirilayotgan ishlarga urg‘u berdi va ayniqsa, ushbu jarayon Navro‘z kunlarida yaqqol namoyon bo‘layotganini ta’kidladi.
