Mahalla aholisi bilan yuzma-yuz uchrashuv bo‘ldi
2026-01-16 18:45:00 / Yangiliklar

Ma’lumki, shu kunlarda Angren shahrida Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini, shuningdek, joriy yilning 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazish, ularning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlarini tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Bugun Angren shahar “Taraqqiyot” mahallasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev ishtirokida xuddi shunday aholi bilan muloqot uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida Prezident maslahatchisi tomonidan Murojaatnomada belgilangan oltita ustuvor yo‘nalishning mazmun-mohiyati batafsil yetkazildi. Ushbu ustuvor yo‘nalishlarning har biri xalq farovonligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ta’lim va tibbiyot sifatini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish kabi muhim maqsadlarga xizmat qilishi alohida misollar orqali tushuntirildi. Shuningdek, mazkur vazifalarning joylarda qanday amalga oshirilishi, mas’ul tashkilotlar va idoralarning vazifalari haqida ham atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng, tadbirga taklif etilgan mahalla nuroniylari, ko‘p qavatli uylar kattalari va aholi bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etildi. Uchrashuv davomida fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan va hududga oid muammolar yuzasidan murojaat qildilar. Xususan, “Taraqqiyot” mahallasida ichimlik suvi ta’minoti va oqova tizimi bilan bog‘liq qator muammolar, shuningdek, hududdagi 18-umumta’lim maktabining sport maydoni va ayrim ichki yo‘laklar ta’mirga muhtojligi kabi masalalar ko‘tarildi. Bundan tashqari, “Ko‘kterak” mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarning turar-joyni rasmiylashtirishda duch kelayotgan muammolarini o‘rganish va ijobiy hal etish masalasi topshirildi. Har bir murojaat atroflicha muhokama qilindi va Prezident maslahatchisi tomonidan ushbu muammolarni ijobiy hal etish zarurligi ta’kidlandi. Tadbir davomida endilikda mahallalarga "Yangi O‘zbekiston qiyofasi"ni olib kirishga e’tibor qaratilayotganiga alohida urg‘u berildi. “Taraqqiyot” mahallasi ham yangicha ko‘rinishga ega bo‘lishi yuzasidan aniq vazifalar belgilandi va tegishli soha rahbarlari va mas’ullarga topshiriqlar berildi. Murojaatlar ijro muddatlari belgilandi. Ichimlik va oqova suvi hamda elektr ta’minotiga oid masalalarni qisqa vaqt ichida bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi. Murojaatlar joyiga chiqqan holda o‘rganilib, muammolarning hal etilishi ma’lum qilindi.
