ANDIJON SHAHAR HOKIMLIGI MATBUOT XIZMATINING AXBOROTNOMASI
2026-11-17 15:50:00 / Yangiliklar

ANDIJON SHAHAR HOKIMLIGI MATBUOT XIZMATINING AXBOROTNOMASI
KUZ-QISH MAVSUMI: ANIQ REJA, MUKAMMAL SHAYLIK VA IKKI KARRA MEHNAT
⚡️Kuz-qish mavsumi — shunchaki sovuq kunlarga tayyorgarlik emas, balki aholi uchun qulay, xavfsiz va munosib yashash sharoitlarini yaratishni talab etadigan muhim davrdir. Bu jarayon har bir mahalla, ko‘cha va xonadonda obodlikni ta’minlash, shahar infratuzilmasini mavsumga moslashtirish hamda aholining kundalik turmushida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olishni qamrab oladi.
Mavsumga tayyorgarlik doirasida hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘cha va yo‘llarni ta’mirlash, tungi yoritish tizimlarini sozlash, ariqlar va drenaj tarmoqlarini tozalash, yomg‘ir hamda qor suvlari to‘planishining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, qurilish va ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash, ijtimoiy soha obyektlari — maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shifoxonalar va boshqa muassasalarning mavsumga tayyorligini ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri hisoblangan.
Ayniqsa, sovuq kunlarda aholining uzluksiz elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi va issiqlik ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, kommunal xizmatlar faoliyatining barqarorligini ta’minlash alohida e’tibor talab etadi. Buning uchun muhandislik tarmoqlari, transformator punktlari, gaz quvurlari, issiqlik tizimlari va boshqa muhim infratuzilma obyektlari muntazam nazoratdan o‘tkazilib kelinmoqda.
🔆Andijon shahar 59 ta MFY hududida jami 1100dan ziyod ko‘p qavatli uylar bo‘lib, hozirda ushbu ko‘p qavatli uylarda jami 43 mingga yaqin xonadonda aholi istiqomat qilib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu ko‘p qavatli uylarni 273 ta ko‘p qavatli uyni 11845 ta xonadoni issiqlik energiyasi bilan ta’minlangan.
Shahar hududidagi barcha ko‘p qavatli uylarga 11 ta boshqaruv servis komaniyalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bulardan “BIO TЕX servis”, “Shinam mahalla uylari”, “Yoyilma shinam xonadonlari”, “Obod Dukchi Eshon mahalla”, “Biznes do‘stlik uylari”, “Sonbay fayzli uylar”, “Alfa kommunal servis“, “Baxt obod uylari“, “Tezkor xizmat”, “Muxtasham uylar”, “Yangi Andijon fayzli xonadonlari” MCHJ boshqaruv tashkilotlari tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Shu bilan birga, shahar FVB tomonidan har bir xonadonda xavfsizlik choralariga rioya etish, isitish moslamalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish, mo‘ri va ventilyatsiya tizimlarini tozalash, is gazidan zaharlanish hamda yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shahar SEO va JSX tomonidan esa xar bir ko‘p qavatli uylarning pastki qismlari, xonadonlar dezinfeksiyadan o‘tkazilmoqda.
Kuz-qish mavsumini betalafot va muammolarsiz o‘tkazish faqat mas’ul tashkilotlarning emas, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatidir. Zero, toza va obod ko‘chalar, ravon yo‘llar, uzluksiz kommunal xizmatlar, xavfsiz xonadonlar va farovon mahallalar — aholi turmush sifatini belgilovchi muhim omillardir.
Ayni kunlarda Andijon shahrida kuz-qish mavsumini munosib o‘tkazish, aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, hududlarni obodonlashtirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ko‘cha va yo‘laklarni tartibga keltirish, tungi yoritish tizimlarini yaxshilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini soz holatga keltirish, ijtimoiy soha obyektlarining mavsumga tayyorgarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, mas’ul tashkilotlar tomonidan mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, kommunal xizmatlar uzluksizligini ta’minlash hamda aholining murojaatlari asosida manzilli ishlarni tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.
Zero, amalga oshirilayotgan har bir bunyodkorlik, obodonlashtirish va ta’mirlash ishining zamirida inson manfaatlari, aholi farovonligi va xotirjamligini ta’minlash maqsadi mujassam.
