Andijonda nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida shaxmat chempionatiga start berildi
2026-05-13 17:00:00 / Yangiliklar
Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasida nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i sovrini uchun viloyat chempionatiga tantanali ravishda start berildi.
Mazkur tadbirda viloyat hokimligi mutasaddilari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Sport boshqarmasi vakillari, nogironlar jamiyatlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda sport ixlosmandlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan rasmiylar ushbu chempionat nafaqat sport musobaqasi, balki inson qadr-qimmatini ulug‘lash, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish va ijtimoiy integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim tashabbus ekanini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, tantanali marosim doirasida madaniy-ma’rifiy chiqishlar hamda musiqiy dasturlar namoyish etilib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.










