Andijonda 2026-yilgi “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident Olimpiadasi” musobaqalariga start berildi
2026-05-24 11:25:00 / Yangiliklar
Andijon viloyatida yoshlar sportini rivojlantirishga qaratilgan muhim sport tadbirlaridan biri — “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining 2026-yilgi mavsumiga tantanali ravishda start berildi.
Mazkur marosim Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining manejida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari K. Komilov, viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i O‘. Toshpo‘latov, Andijon shahar hokimi o‘rinbosari Sh. Shokirov, shuningdek, mutasaddi tashkilot rahbarlari, sportchi yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
2026-yilgi mavsum doirasida musobaqalar 13–14 yoshli sportchilar o‘rtasida o‘tkaziladi. Badiiy gimnastika sport turi bo‘yicha esa 11–12 yoshli qizlar o‘rtasida bellashuvlar tashkil etilishi belgilangan.
Musobaqalar 21 ta Olimpiya sport turi bo‘yicha jami 205 ta dastur asosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu sport bellashuvlari yosh iqtidorlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida yuksak natijalarga erishadigan sportchilarni saralashga xizmat qiladi.
Musobaqalar uch bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqich — “Tuman va shahar hokimi Olimpiadasi”
2-bosqich — “Hokim Olimpiadasi”
3-bosqich — “Prezident Olimpiadasi”
“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” va “Prezident Olimpiadasi” musobaqalari yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda yurtimiz sport salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.










