Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan Andijon shahrining qator hududlarida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi.
2026-03-18 10:10:00 / Yangiliklar
Prezidentimizning joriy yil 6-martdagi “2026-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Andijon viloyatining tuman, shahar va mahallalarda “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari, yarmarkalar va boshqa turli tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Andijon shaharining Markaziy hamda Dehqon bozori, shuningdek, 14 ta mahalla guzarida ish boshlagan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari rastalaridan “Andijon bozorlar uyushmasi”, “Andijongoʻshtsutsavdo”, “Andijonbaliq” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari, viloyatdagi agrofirmalar, parrandachilik korxonalari va savdo tashkilotlarining mahsulotlari, shuningdek, fermer xoʻjaliklari hamda dehqonlar tomonidan yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan 35 turdagi meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari oʻrin olgan.
Hamyurtlarimizning bayram dasturxonlari toʻkin boʻlishini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ushbu savdo yarmarkalari shahar aholisi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Qolaversa, savdoga qoʻyilgan mahsulotlar narxi bozordagiga nisbatan arzon. Bundan tashqari, namunali xizmat koʻrsatilishi, plastik kartalar orqali ham savdolarning yoʻlga qoʻyilganligi koʻpchilikka manzur boʻlmoqda.
Ana shunday yarmarkalardan biri Shahrixon tumani agrofirmasi tomonidan Andijon shahridagi “Iqbol” mahalla fuqarolar yigʻini guzarida tashkil etildi.








