Qorako‘lchilikda foydali maslahatlar
2024-09-07 19:35:00 / Yangiliklar
Chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish maqsadida saqlanayotgan qo‘ylar asosan ona qo‘ylardan, kamroq bo‘lsa-da o‘stirishga olib qolingan urg‘ochi qo‘zilardan iborat bo‘ladi.
Sovliqlar asosan oktabr-noyabr oylarida qochiriladi va fevralning oxiri mart oylarida ulardan to‘l olinadi, ya’ni qo‘zilatish mavsumi bo‘lib o‘tadi. Bu vaqtda qo‘ylarni saqlash sharoitiga e’tibor berish kerak, ya’ni qo‘zilar uchun alohida qo‘zixonalar tashkil qilinishi lozim.
Qo‘ylarni esa kunlarni issiq vaqtiga qarab ayvonlarga chiqarish lozim. Bo‘g‘oz qo‘ylarni har kuni 10-12 km, qo‘zilagan qo‘ylarni esa 6-8 km masofani bosib o‘tadigan joylarga borib boqib kelish lozim. Qo‘ylarni yaylovlarga haydashdan oldin, ertalab albatta, dag‘al ozuqalar (xo‘jalik sharoitiga qarab beda, yantoq, somon, makkajo‘xori, har xil o‘tlar pichani boshqalar) berilishi kerak.
Chunki ertalab kunning haroratiga qarab sovuq kunlari qirov, iliq kunlarda esa shudring tushgan bo‘ladi. Shuning uchun, qirov yoki shudring ko‘tarilgandan so‘ng qo‘ylarni yaylovga haydab boqib kelish tavsiya etiladi. Qo‘ylar qirov yoki shudring holatida yaylovda boqilsa ozuqaning sovuqligi sababli oshqozon-ichak tizimida modda almashinuvi buziladi.
Hazm tizimida muhitni o‘zgarishi turli kasallik qo‘zg‘atuvchilarini faollashuviga olib keladi. Natijada qo‘ylarda kasalliklar tarqaladi, ko‘pincha bola tashlash hollari kuzatiladi.