Rasmiy munosabat
2024-06-24 18:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Mamlakatimiz agrar sohasining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblangan paxtachilikni isloh qilish bo‘yicha so‘nggi yillarda bir qator tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan,
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-23-son Qaroriga asosan mahalliy hokimliklar tomonidan paxta yetishtiruvchi subyektlarning faoliyatiga aralashuviga chek qo‘yilishi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4633-sonli Qarori asosida paxta xom-ashyosiga davlat buyurtmasining bekor qilinishi, qat’iy narx belgilash amaliyotidan voz kechilishi;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-205-son Farmoniga asosan sohada erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirilishi hamda paxta yetishtiruvchilarda moddiy manfaatdorlikning oshishi paxtachilikka yangicha kayfiyat olib kirdi.
Aniq raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2017-yilda viloyatda jami 101 900 gektar yerga paxta ekilgan bo‘lsa, 2024-yilda viloyatdagi paxta ekilgan jami yer maydoni 77 500 gektarni tashkil etmoqda.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ayni paytda nafaqat Sirdaryo viloyatida, balki Respublikada paxta faqat rentabelligi bor yerlarga ekilmoqda.
Shu bilan bir qatorda o‘tgan yillar davomida yetishtirilgan paxta xomashyosining 90 foizdan ortiq qismi yuqori nav va klasslarga (1-nav, 1-2-klasslarga) sotilishi natijasida paxta yetishtiruvchilarning iqtisodiy manfaatdorligi yaxshilanishiga olib kelmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va sohaga aloqador tashkilotlar tomonidan hududlarning iqlim sharoitlari va tuproq tarkibi o‘rganilib, paxta hosildorligi kam bo‘lgan yerlarga boshqa istiqbolli qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish maqsadida 2017-2024-yillar davomida Respublika bo‘yicha jami 193 ming gektar paxta maydoni qisqartirilgan. Shundan 24 400 gektari aynan Sirdaryo viloyati hududiga to‘g‘ri keladi.
Joriy yilda paxta xom ashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar o‘rtasida paxta xom ashyosini yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuproq hosildorligi normativlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasining “paxta xom ashyosi seksiyasi”da har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan savdolar natijalariga ko‘ra tuzilishi belgilandi.
Fyuchers shartnomasiga muvofiq yetkazib berilishi lozim bo‘lgan hajmdan ortiqcha yetishtirilgan paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar tomonidan birja orqali tadbirkorlik subyektlariga sotiladi yoki qayta ishlanadi.
Bunda, fyuchers shartnomasi bo‘yicha ortiqcha yetishtirilgan paxta xom ashyosi fyuchers shartnomasi tuzilgan klasterga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilishi mumkin hamda paxta xom ashyosini qayta ishlashdan olingan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlar (chigit, lint va o‘lik paxta) to‘liq hajmda birja orqali sotiladi.
Ma’lumot uchun: birja savdolarida 1 kg paxta xomashyosi uchun narxlar 10 000 – 11 000 so‘mgacha ko‘tarildi.
Mazkur farmon bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri fermer xo‘jaliklari moliyalashtirilishi yo‘lga qo‘yildi hamda 2024-yil hosili uchun yetishtiriladigan paxta xomashyosi xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan fermer xo‘jaliklariga imtiyozli kredit ajratilib kelinmoqda.
Fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligini, hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, suv bilan ta’minlanganlik darajasini, yer maydonlarining meliorativ holati, almashlab ekish orqali tuproq unumdorligini oshirish maqsadida joriy yilda Sirdaryo tumanida jami 8 ming gektar maydonga, jumladan tumanning Sholikor hududida 507 gektar maydonga urug‘lik chigit ekilgan hamda to‘liq ko‘chat undirib olingan.
Agarda 1 gektar maydonda paxta yetishtirilib, o‘rtacha 45-50 sentner hosil olinsa 45-50 mln so‘mgacha daromad olinishi mumkin.
Misol uchun, 2023-yilda Sirdaryo tumanining Haqiqat hududidagi “Peng Sheng” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan 67 gektar maydonda plyonka ostiga ekish bilan bir vaqtda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatilib, ilg‘or agrotexnologiyalar qo‘llash orqali gektaridan o‘rtacha 72 sentnerdan hosil olishga erishgan.
Bu esa o‘z navbatida korxonaning iqtisodiy manfaatdorligini yaxshilanishiga olib keldi.
Shuni ham alohida aytib o‘tish kerakki, bugun mamlakatimizdagi ochiqlik va oshkoralik sharoitida har bir rahbar ish faoliyati davomida o‘z yelkasidagi mas’uliyatni his qilib, oqibatini tushunib yetgan holda quyi bo‘g‘in vakillariga topshiriq va ko‘rsatmalar beradi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib aytish kerakki, Ozodlik radiosining YouTube kanaliga joylashtirilgan “Sirdaryo hokimining balchiqqa majburlab ektirgan paxtasi unmadi” sarlavhasi ostidagi xabari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
O‘z o‘rnida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati barcha OAV vakillari bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga oid bunday xabarlar tayyorlashda ma’lumotlar almashish, xolis va haqqoniy ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib o‘tadi.
Mamlakatimiz agrar sohasining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblangan paxtachilikni isloh qilish bo‘yicha so‘nggi yillarda bir qator tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari Qishloq xo‘jaligi vazirligi va sohaga aloqador tashkilotlar tomonidan hududlarning iqlim sharoitlari va tuproq tarkibi o‘rganilib, paxta hosildorligi kam bo‘lgan yerlarga boshqa istiqbolli qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish maqsadida 2017-2024-yillar davomida Respublika bo‘yicha jami 193 ming gektar paxta maydoni qisqartirilgan. Shundan 24 400 gektari aynan Sirdaryo viloyati hududiga to‘g‘ri keladi.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, ayni paytda nafaqat Sirdaryo viloyatida, balki Respublikada paxta faqat rentabelligi bor yerlarga ekilmoqda.
Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib aytish kerakki, Ozodlik radiosining YouTube kanaliga joylashtirilgan “Sirdaryo hokimining balchiqqa majburlab ektirgan paxtasi unmadi” sarlavhasi ostidagi xabari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.