Bolalarni oilaga tarbiyaga berish (patronat) tartibi
- Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga etmagan bolalar, shu jumladan tarbiya va davolash muassasalarida, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.
- Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy bo‘lib, u vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar o‘rtasida tuzilgan maxsus shartnoma asosida amalga oshiriladi.
- Ota-onalar qarovisiz qolgan bolani tarbiya qilish uchun olishni istaydigan fuqarolar tutingan ota-onalar deb ataladi, ushbu oila esa farzandlikka olgan oila hisoblanadi.
- Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ham egadirlar.
- Oilada o‘z manfaatiga daxldor har qanday masala hal qilinayotganida bola o‘z fikrini bildirishga haqlidir.
Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar o‘z huquqlaridan g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organi bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni javobgarlikka tortish masalasini qo‘zg‘atishga haqli.
- Vasiylikka olinganning zarariga g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab vasiylikdan yoki homiylikdan foydalanish yoki uni nazoratsiz va zarur moddiy yordamsiz qoldirish jarimaga sabab bo‘ladi.
- Bolalarni oilaga tarbiyaga berishda vasiylik va homiylik organlari ularga bir yo‘la kiyim-bosh va poyabzal beradi, bolani oilaga tarbiyaga olgan shaxsga esa, oilaga tarbiyaga olingan bolaning ta’minoti uchun har oyda nafaqa to‘lab turadi.
- Oilaga tarbiyaga olingan bola uchun kiyim-bosh va poyabzal sotib olishga ajratilgan mablag‘lar tutingan ota-onalarga naqd pul shaklida yoki ularning bank plastik kartasiga pul o‘tkazish yo‘li bilan beriladi.
- Tutingan ota-onalarga o‘z tarbiyasiga olgan har bir bola uchun har oylik nafaqa xalq ta’limi boshqarmalari orqali har oyning 10 sanasiga qadar to‘lanadi.