Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish

Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda farzandlarga va ushbu shaxslarga pensiya ular boquvchining qaramog‘ida turgan-turmaganidan qat’i nazar tayinlanadi.
- Marhumning qaramog‘ida turmagan ota-onasi va eri (xotini) ham, keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablag‘ manbaidan mahrum bo‘lib qolsalar, pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.
- Ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilari va talabalari o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega.
- Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lgan voyaga etmagan farzandlar, ular farzandlikka olinganlarida ham bu huquqni saqlab qoladilar.
- O‘gay o‘g‘il va o‘gay qiz, agar ular ota-onalaridan aliment olmagan bo‘lsalar, haqiqiy farzandlar singari pensiya olish huquqiga egadirlar.
- O‘gay ota va o‘gay ona, agar vafot etgan o‘gay o‘g‘ilni (qizni) 18 yoshga to‘lgunga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan yoki boqqan bo‘lsalar, haqiqiy ota va ona singari pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Ushbu tartib vafot etganlar oilalariga taalluqli hamma qoidalari bedarak yo‘qolganlarning oilalariga ham, agar boquvchining bedarak yo‘qolganligi belgilangan tartibda tasdiqlangan bo‘lsa, tegishli ravishda joriy qilinadi.
Pensiya tayinlash haqida murojaat qilish
- Pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan uning yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi.
- Xodimga va uning oila a’zolariga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan taqdirda pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza xodimning yoki vafot etgan boquvchining oxirgi ish joyi bo‘yicha tashkilotning ma’muriyati orqali ariza beruvchining yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga berilishi mumkin.
- Pensiya tayinlanadigan shaxs balog‘atga etmagan yoki huquqiy muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, ariza uning ota-onasi yoki vasiysi tomonidan ularning yashash joyi orqali beriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1140" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.
- O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1106" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.