Tashishda rad etish, reys kechiktirilishi
Rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega bo‘lgan yo‘lovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berish rad etilgan bo‘lsa va bu yo‘lovchining belgilangan vaqtdan ortiq uchish punktida ushlanib qolishiga sabab bo‘lsa, yo‘lovchiga etkazilgan zarar tashuvchi tomonidan kompensatsiya to‘lovi yoki bepul qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish orqali qoplanadi.
Kompensatsiya to‘lovini to‘lash tartibi va miqdori tashuvchi tomonidan fuqarolik qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan qoidalar, O‘zbekiston Respublikasining Havo kodeksi, mazkur Qoidalar, shuningdek jo‘nab ketish yoki tranzit mamlakatning qonun hujjatlari va xalqaro tijorat ittifoqlarining talablari asosida belgilanadi.
Parvoz tashuvchi tomonidan belgilangan aniq vaqtdan kechiksa, tashuvchi yo‘lovchiga etkazilgan zararni qoplashi shart. Zarar miqdori parvoz kuponi narxidan kelib chiqqan holda tashuvchi tomonidan belgilanadi.