Mehnat shartnomasi

Mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi taraflarning o‘zaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuv bo‘lib, unga muvofiq xodim ish beruvchining manfaatini ko‘zlab, ushbu kelishuvda belgilangan mehnat vazifasini uning rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish, ichki mehnat qoidalariga rioya etish majburiyatini, ish beruvchi esa xodimga shartlashilgan mehnat vazifasi bo‘yicha ish berish, xodimga ish haqini o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lash, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va ushbu kelishuvda nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Mehnat shartnomasining mazmuni.
Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo‘lgan kamida 2 nusxada yozma (qog‘ozda yoki elektron) shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi.
- Mehnat shartnomasining har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi.
- Ish beruvchida muhr mavjud bo‘lgan taqdirda mansabdor shaxsning mehnat shartnomasining barcha nusxalaridagi imzosi muhr bilan tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasi ish beruvchi va xodim tomonidan imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mehnat shartnomasi:
- nomuayyan muddatga;
- 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muayyan muddatga (muddatli mehnat shartnomasi) tuzilishi mumkin.
Agar mehnat shartnomasida uning amal qilish muddati shartlashilmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.