Uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim

Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlar professional ta’lim muassasalari toifasiga kiradi.
Kollej — Xalqaro tasniflagichning 4-darajasigacha mos keluvchi ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan vazirliklar va idoralar tizimida faoliyat ko‘rsatadigan ta’lim muassasalari.
Texnikum — Xalqaro tasniflagichning 5-darajasigacha mos keluvchi va oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlaydigan hamda oliy ta’lim muassasalari huzurida faoliyat yuritadigan ta’lim muassasalari.
Davlat professional ta’lim muassasalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Professional ta’lim muassasalarining namunaviy tuzilmalari bo‘ysunuvidagi vazirliklar va idoralar tomonidan tasdiqlanadi.
Professional ta’lim muassasalari hududlarning demografik, ijtimoiy-iqtisodiy va geografik sharoitlarini, mehnat bozorining tegishli soha mutaxassislariga bo‘lgan talabini, manfaatdor vazirliklar va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji hamda oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni hisobga olgan holda tashkil etiladi.
Boshqa joylardan kelgan o‘quvchilarga, imkoniyatga qarab, professional ta’lim muassasalari uchun yotoqxonalar tashkil etiladi.
- Professional ta’lim muassasalarida qoidaga ko‘ra guruhlarni to‘ldirish kamida 12 nafar va eng ko‘pi bilan 30 nafar o‘quvchilar doirasida belgilanadi.
Kam ta’minlangan oilalardan o‘quvchilar kollejlar va texnikumlarda ta’lim olishlari, belgilangan tartibda bepul amalga oshiriladi.