Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, bosh tashkiloti O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining vakolatxonalari va filiallari, respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Viloyat, tuman, shahar, shaharcha, qishloq va ovul hududlarida faoliyat olib boradigan nodavlat notijorat tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi nodavlat notijorat tashkilotlarining chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlarini, shuningdek ularning qaramog‘idagi oila a’zolarini belgilangan tartibda akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi.
- Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar ta’sis s’ezdi (konferentsiyasi) yoki umumiy yig‘ilish o‘tkazilgan kundan e’tiboran 2 oy ichida, jamoat birlashmasi uchun esa 1 oy ichida taqdim etiladi.
Nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarni qabul qilib olgan adliya organi ularni 1 oylik muddat ichida ko‘rib chiqadi hamda nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran 3 kun ichida muassislarga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida guvohnoma yoki qonunchilikning qaysi qoidalari buzilganligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga olib kelganligi haqida aniq ko‘rsatilgan hujjat beradi.