O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish

18 yoshga to‘lgan va muomala layoqatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi o‘z xohish-istagiga ko‘ra ko‘rsatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan chiqishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish to‘g‘risidagi iltimosnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga ariza beruvchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga, xorijda yashayotgan shaxs tomonidan esa konsullik muassasasiga shaxsan takdim etiladi.
Agar ariza beruvchining O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan eri (xotini), ota-onasi, shuningdek, uning qaramog‘idagi shaxslar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashasa, ariza beruvchi ushbu shaxslarning ariza beruvchiga nisbatan mulkiy e’tirozlari mavjud emasligi haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan arizalarini taqdim etishi shart.
Agar tegishli holatlar mavjud bo‘lsa, ota-onaning, turmush o‘rtog‘ining roziligi o‘rniga ariza beruvchidan yoki tegishli organdan:
- vafot etganligi haqida guvohnoma, agar ko‘rsatilgan shaxslar vafot etgan bo‘lsa;
- ko‘rsatilgan shaxslarni ota-onalik huquqlaridan mahrum qilinganligi, muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganligi yoxud fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilinganligi haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud qarori;
- yolg‘iz ota yoki ona ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar vakolatli organ tomonidan so‘rab olinadi.
Iltimosnomani qabul qilgan mas’ul xodim 3 ish kuni ichida ilova qilingan hujjatlar to‘liqligini va to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini o‘rganib chiqadi va so‘rovnomaga o‘zining lavozimini ko‘rsatgan holda imzo qo‘yadi.