Sud ekspertizasi

Sud ekspertizasi — fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat.
- Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi:
- Sud-ekspertlik faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlarida nazarda tutilgan inson huquq va erkinliklariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
- Shaxsning erkinligini vaqtincha cheklashni yoki uning shaxsiy daxlsizligi buzilishini talab etuvchi sud-ekspert tekshirishlari (bundan buyon matnda tekshirishlar deb yuritiladi) faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibda o‘tkaziladi.
- Davlat sud-ekspertiza muassasasi yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilot (bundan buyon matnda boshqa tashkilot deb yuritiladi) tomonidan sud ekspertizasi o‘tkazilishi munosabati bilan qabul qilingan qarorlar, sud ekspertining harakatlari (harakatsizligi) o‘z huquq va erkinliklarining cheklanishiga olib keldi deb hisoblagan shaxs mazkur qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
- Sud ekspertining mustaqilligi:
- Sud eksperti sud ekspertizasini o‘tkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan), taraflardan va ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslardan mustaqildir.
- Sud eksperti o‘zining fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlariga (bundan buyon matnda maxsus bilimlar deb yuritiladi) muvofiq o‘tkazilgan tekshirishlar natijalariga asoslanib xulosa beradi.
- Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs), shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taraflardan birortasining yoki ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslarning foydasini ko‘zlab xulosa olish maqsadida sud ekspertiga ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjat
Agar sud eksperti qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun etarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.