Yashash guvohnomasini ID-kartaga almashtirish
Yashash guvohnomasi yo‘qotilganda, chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs u yo‘qotilgan joydagi ichki ishlar organiga darhol ma’lum qilishi shart.
Bunday hollarda ichki ishlar organi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda yangi ID-karta rasmiylashtirib beradi.
Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs uchun yashash guvohnomalari, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasi quyidagi hollarda o‘z kuchini yo‘qotadi:
- chet el fuqarosi doimiy yashash uchun chet elga ketganida;
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxs chet elga ketganida — fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasining amal qilish muddatini uzrli sabablarsiz uzaytirmagan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirishdan voz kechgan hollarda;
- chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilganida yoki o‘z mamlakati fuqaroligidan chiqqanida;
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi yoki chet el fuqaroligini qabul qilganida;
- yashash guvohnomasini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs guvohnomasini olish uchun yolg‘on ma’lumotlar yoxud soxta hujjatlar taqdim qilinganda.
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs vafot etgan hollarda yashash guvohnomalari mavjud bo‘lgan taqdirda eksterritorial tamoyil asosida istalgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga, chet davlatlarda esa — O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalariga topshiriladi, ular guvohnomani o‘lim ro‘yxatga olingandan keyin doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish joyidagi ichki ishlar organlariga yuboradi.
Hibsga olingan yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning yashash guvohnomasi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov organlari yoki sud tomonidan olib qo‘yiladi. Agar shaxs sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilsa, uning yashash guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentiga yuboriladi.
- Topib olingan yashash guvohnomasi ichki ishlar organlariga topshirilishi lozim.
- Yashash guvohnomasini olib qo‘yish man etiladi (O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), shuningdek, garovga olib turish va boshqa shaxsga berish taqiqlanadi.
- Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs yashash guvohnomasini ehtiyot qilishlari shart.