Yillik mehnat ta’tillari

Barcha xodimlarga ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda 15 ish kunidan kam bo‘lmagan yillik mehnat ta’tillari beriladi.
Yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillarni jamlash tartibi:
- Yillik ta’tilning umumiy muddatini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar yillik asosiy ta’tilga (shu jumladan uzaytirilgan ta’tilga ham) qo‘shib jamlanadi.
- Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning umumiy muddati qirq sakkiz ish kunidan oshib ketishi mumkin emas.
Ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish tartibi:
- Ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda ularning muddati har bir to‘liq ta’til miqdorini o‘n ikkiga bo‘lib, so‘ng to‘liq ishlangan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda o‘n besh kalendarь kunga teng va undan ko‘p bo‘lgan kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, o‘n besh kalendarь kundan kami esa chiqarib tashlanadi.
Ta’tillar uchun haq to‘lash:
- Yillik ta’tillar davri uchun xodimga o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lash kafolatlanadi.
- Ta’til uchun haq to‘lash jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda, lekin ta’til boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechikmay amalga oshiriladi.
Норматив ҳужжатлар
- O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi
- Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentabrdagi 743-son qarori bilan tasdiqlangan «Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq to‘lashga tuman koeffitsientlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddatini belgilash va qo‘llash tartibi to‘g‘risida nizom»
- Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori