Bola huquqlari boʻyicha xalqaro ekspert, BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasining sobiq raisi Renate Vinter xonim boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi
2024-11-20 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 20-noyabr kuni adliya vaziri oʻrinbosari Xudoyor Meliyev bola huquqlari boʻyicha xalqaro ekspert, BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasining sobiq raisi Renate Vinter boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Vazir oʻrinbosari mehmonlarga soʻngi yillarda mamlakatimizda bola huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirib oʻtdi.
Jumladan, yaqinda muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonun imzolangani va mazkur qonun bevosita Adliya vazirligi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgani alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, xorij tomoniga Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2024 – 2034-yillarda bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada takomillashtirish strategiyasi boʻyicha maʼlumot berildi.
Xususan, strategiyada quyidagilar nazarda tutilgan:
– ozodlikdan mahrum qilish joylarida voyaga yetmaganlar uchun sudga, prokurorga, davlat idoralariga toʻgʻridan-toʻgʻri shikoyat qila olish mexanizmlarini takomillashtirish;
– jinoiy, fuqarolik va maʼmuriy sudlovni amalga oshirishda nogironligi boʻlgan voyaga yetmaganlarning ishtirokini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
– voyaga yetmaganlarni soʻroq qilishning moslashtirilgan maxsus usullarini qoʻllash, shuningdek, ularning ishlarini imkoni boricha qisqa muddat ichida tugatish ustuvorligini taʼminlash;
– voyaga yetmagan jabrlanuvchilar va jinoyat guvohlarining jinoyat sodir etgan shaxs bilan sudgacha va sud bosqichida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotga kirishishiga yoʻl qoʻymaslik;
– voyaga yetmaganlarni soʻroq qilish va boshqa tergov harakatlarini majburiy tartibda ularning ota-onalari, himoyachilari va ijtimoiy xodimning toʻsiqsiz ishtirok etishini taʼminlash va boshqalar.
Oʻz oʻrnida, Renate Vinter xonim mazkur yoʻnalishda olib borayotgan ishlarni ijobiy baholab, voyaga yetmaganlarni ozodlikdan mahrum qilishning muqobil choralari boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.
Tomonlar kelgusida bolalarning eng ustun manfaatlarini taʼminlash, bolalarga moʻljallangan huquqiy qoʻllanmalar chop etish, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda ularni zararli axborotdan himoya qilish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.