Qonunchilik hujjatlarining nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlariga taʼsirini baholashga bagʻishlangan seminar tashkil etildi
2024-11-20 16:25:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vazirligi tomonidan Finlyandiyaning Xelsinki universiteti Huquq ustuvorligi markazi bilan hamkorlikda «Qonunchilik hujjatlarining nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlariga taʼsirini baholash» mavzusida uch kunlik oʻquv seminari tashkil etildi.
Seminarda Adliya vazirligi xodimlari bilan bir qatorda Qonunchilik hujjatlarini tahlil qilish va tartibga solish taʼsirini baholash instituti, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi kabi qator davlat organlari hamda bir qator nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlangandek, Adliya vazirligi tomonidan Finlyandiyaning Xelsinki universitetining Huquq ustuvorligi markazi bilan hamkorlikda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlariga daxl qiluvchi qonunchilik hujjatlarining ijtimoiy sohaga taʼsirini baholash boʻyicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu seminar ham loyiha doirasida oʻtkazildi.
Ishtirokchilar xorijiy ekspertlar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlarining nogironligi boʻlgan shaxslarga taʼsiri yuzasidan inson huquqlariga asoslangan yondashuvlarni koʻrib chiqdilar. Asosiy eʼtibor jamiyatda inklyuzivlikni taʼminlash, jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar taʼlimi, bandligi boʻyicha amaldagi tartib va imtiyozlar samaradorligini, qonunlar qay darajada ijro etilayotganligini tahlil qilish borasida Oʻzbekiston va Finlyandiya tajribasiga qaratildi.
Shuningdek, ishtirokchilar nogironlik sektoriga taʼsirni baholash metodologiyasi, koʻrsatkichlari va muammolari koʻrib chiqdilar.