audio

    12+
    18 aprel - O‘zbekiston Respublikasi kommunal soha xodimlari kuni!

    Bugun mamlakatimiz kommunal sohasi barqarorligini ta’minlashdek murakkab jarayon ortida 90 ming nafardan ziyod xodimlar mehnat qilmoqda.

    O'zbek milliy akademik drama teatrida uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish sohasi xodimlari uchun tashkil etilgan bayram dasturi bo’lib o’tdi.

    Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri Botir Zokirov tabrik so‘zi bilan ochib berib, soha vakillarini kasb bayrami bilan samimiy qutladi.

    So‘nggi yillarda, xususan, o‘tgan 2023-yilda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. Mazkur ezgu tashabbuslar Davlatimiz rahbarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlovi bilan bo‘layotgani bois muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan kommunal soha kun sayin takomillashib bormoqda.

    O‘tgan 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 15-avgustdagi 278-son qarori qabul qilinib, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi ko‘plab islohotlarga zamin hozirlandi.

    Bugungi kunga kelib respublikada jami 800 dan ortiq boshqaruv tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Respublikadagi ko‘p qavatli uylar soni jami 41930 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, shularning 91 foiziga ana shu boshqaruv tashkilotlari tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinayotganligi islohotlarimizning samarasini ko‘rsatmoqda.

    Boshqaruv kompaniyalari hozirga qadar uylarni ta’mirlash, hududlarning infratuzilmasini yaxshilash, moddiy-texnika bazasini shakllantirishga o‘z hisobidan 268 mlrd so‘m, xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bino va ishootlarni qurish uchun 49 mlrd so‘mdan ortiq investitsiya mablag‘larini kiritdi.

    So‘nggi 7 yil davomida ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash dasturlari doirasida jami 2 trln so‘mdan ziyod  mablag‘ hisobidan 36 mingga yaqin uy mukammal yoki joriy ta’mirlandi hamda 1645 ta lift uskunalari yangisiga almashtirildi.

    Xalqimizning turmush darajasini oshirish, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish, ularga qulay yashash sharoit yaratishdek mas'uliyatli soha fidoyilarining zahmatli mehnatlari munosib e’tirof etilmoqda.

    Soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan vazirlik va uning tizim tashkilotlaridagi 200 nafar xodim “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqdalar.

    So‘nggi 7 yilda aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga 20 trln so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 2916 ta suv inshooti va 42,8 ming km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.

    Natijada respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yilda 63,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ushbu ko‘rsatkich 77,2 foizga yetkazildi.

    Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq 2026-yilga kelib, respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasini esa 35 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

    Shu bilan birga ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmati sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, sohada yagona siyosat yuritish hamda dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirili, mazkur yo‘nalishda 10 ta normativ-huquiy hujjat va dasturlar ishlab chiqildi.

    Issiqlik ta’minoti sohasida ham keyingi yillarda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, respublika budjeti mablag‘lari hisobidan shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish dasturi doirasida 60 dan ortiq markaziy va mahalliy qozonxonalar hamda 292,9 km uzunlikdagi issiqlik quvurlarida modernizatsiya rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 40 dan ortiq qozonxonalar qurildi va 70,0 kmdan ortiq uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari yangidan tortildi.

    Natijada 115792 xonadondan iborat 3436 ta ko‘p qavatli uy va 317 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik energiyasi bilan ta’minlandi.

    Oxirgi 20 yilda ilk marotaba Jahon banki ishtirokida Andijon shahridagi RK-2 qozonxonasini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilishi natijasida Andijon shahridagi 271 ta ko‘p kvartirali uy va 32 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik ta’minotiga ega bo‘ldi.

    Joriy yilda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun 287,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihaga ko‘ra 14 ta qozonxona, 771 ta isitish qozonlari va 704 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarida qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, yopiq issiqlik ta’minoti tizimini tashkil etish uchun 896 ta individual issiqlik punktlari (IIP) o‘rnatiladi. Natijada 63 mingga yaqin xonadondan iborat 1292 ta ko‘p qavatli uylar va 120 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.

    Bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda raqamlashtirish barcha iqtisodiyot tarmoqlariga kirib kelmoqda. Kommunal soha ham bundan mustasno emas.

    Xususan, issiqlik ta’minoti sohasida iste’molchilarga qulayliklar yaratish maqsadida respublikada issiqlik va issiq suv bilan ta’minlangan iste’molchilar uchun  shaxsiy  hisob  raqamlari  ochilib  billing  tizimida iste’molchilarning elektron bazasi shakllantirildi.

    Shuningdek, “Mening uyim” billing tizimi ishga tushirilib, boshqaruv tashkilotlarining yagona, ochiq elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish, mulkdorlar mablag‘idan samarali va maqsadli foydalanishni ta’minlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, ularning talab va me’yorlarga amal qilinishini nazorat qiladi.

    “Mening uyim” billing tizimida bugungi kunga qadar tizimda jami 1,3 mln dan ziyod abonent ma’lumotlari shakllantirildi. Bunda xonadonlar mulkdorlarga boshqarish organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobotlar elektron shaklda va onlayn rejimida taqdim etilmoqda.

    • view_icon 74