Yo‘l qurilishi bo‘yicha rejalar taqdimot qilindi
2024-04-03 10:50:00 / Taqdimotlar
Mamlakatimizda xalqaro va mahalliy yo‘llar tarmog‘ini rivojlantirish, transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida ko‘plab loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasi ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 86 ta tumanda, 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272 ta mahalladagi 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bunga Osiyo taraqqiyot bankining 240 million dollarlik qarz mablag‘i yo‘naltiriladi.
Qurilish hamda texnik nazorat ishlari to‘liq mahalliy pudratchilar – xususiy tadbirkorlar va mahalliy muhandislar tomonidan amalga oshiriladi. Yo‘llar foydalanishga qabul qilinganidan so‘ng, bosh pudratchi tomonidan 5 yil davomida kafolatli soz holatda saqlanadi va ekspluatatsiya qilinadi.
Yana bir loyiha xalqaro ahamiyatdagi M39 “Olmaota – Bishkek – Toshkent – Shahrisabz – Termiz” magistral avtomobil yo‘lining 1255-1315 kilometrlarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Yo‘lning bu qismi Dehqonobod tumani markazi Qorashina shaharchasidan o‘tgan bo‘lib, hozirgi kunda tor va ta’mirtalab.
Loyiha doirasida 60 kilometr uzunlikdagi yo‘l sement-beton qoplamadan 4 tasmali qilib quriladi. Dehqonobod tumani markazini aylanib o‘tuvchi 17 kilometrlik yangi yo‘l, 14 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar barpo etiladi. Bu Islom taraqqiyot banki va OPЕK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasidan jalb etiladigan qariyb 154 million dollar hisobidan moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi qarorida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatini qaytadan tuzish vazifasi belgilangan. Shuningdek, tajriba-sinov tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatda 20 kilometrdan avtomobil yo‘lini ekspluatatsiya qilishga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadigan yo‘llar ro‘yxati tasdiqlangan.
Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar va joriy yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari yo‘llarni sifatli qurish, ta’mirlanadigan ko‘chalar bo‘yida daraxtlarni o‘stirish orqali hudud ekologiyasini yaxshilash, qishloqlarda qulay yo‘l-transport infratuzilmasini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.