Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining taklifiga binoan Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi rahbari Serkan Kayalar boshchiligidagi delegatsiya mehmonda boʻlib turibdi.
2024-02-23 11:30:00 / Yangiliklar
Turkiyaning qo‘lga kiritgan tajribalardan foydalanish tomonlarga manfaatli bo‘lishi ta’kidlandi. Xususan, kasbga o‘rgatish, malakani baholash tizimlarida qolaversa, Mehnat nazoratiga oid hamkorlik ham katta natija berishi aytib o‘tildi.
TIKAning O‘zbekistondagi faoliyatiga 30 yil to‘ldi va bu davr ichida hamkorlikda ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirdik. Kelgusi 30 yillikda ham ulkan rejalarimiz bor, dedi Serkan Kayalar.
Endilikda, Turkiyada kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari xodimlari va hokim yordamchilarining tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshiruvchilar soni yanada ko‘payadi. TIKA tomoni bu borada tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda “O‘zbekiston–Turkiya tadbirkorlikka o‘qitish markazi” hamda “O‘zbek-Turk” qo‘shma kasbga o‘qitish markazini tashkil etish bo‘yicha ham yangi loyihalar o‘rtaga tashladi. Mazkur takliflar puxta ishlab chiqilib, hamkorlik istiqbollari belgilanadigan bo‘ldi.
Qolaversa, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida barpo etilayotgan, bino maydoni 15 000 kvadrat metrdan ortiq, umumiy o‘qitish quvvati sig‘imi 1000 nafargacha, 25 turdagi qisqa muddatli kasblar, xususan, elektromobillar va muqobil energiya manbalariga texnik xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘lgan monomarkazni metodik va moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham so‘z bordi. Tomonlar, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, zamonaviy kasblarga o‘qitish va hunar o‘rgatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.