Xitoylik hamkorlar bilan IT ta'limni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi
2024-01-25 09:30:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston va XXRning Chunsin provinsiyasi oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati boʻyicha berilgan maʼlumotga koʻra, 2023-yilda ushbu provinsiyasining Oʻzbekiston bilan savdo va iqtisodiy aloqalari 1 mlrd yuanni tashkil etgan.
Uchrashuv davomida Chunsin provinsiyasi ushbu hamkorlik koʻrsatkichini IT yoʻnalishida mustahkamlash orqali yanada oshirishga qiziqish bildirildi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan 8 ta universitet vakillarining takliflari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, Chunsin politexnika universiteti rahbari tomonidan ilm-fan va texnologiyalar yoʻnalishida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekistonda AKT sohasida oʻzbek-xitoy qoʻshma oʻquv markazini tashkil etish, soha pedagoglari uchun malaka oshirish hamda talabalar almashinuvi qoʻshma dasturlarini ishlab chiqish taklif etildi.
Chunsin muhandislik kasb-hunar instituti rahbariyati tomonidan Oʻzbekistonning AKTga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasi bilan hamkorlikni amalga oshirish orqali oʻqituvchi va talabalar almashinuvi dasturini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Shu bilan birga, elektron muhandislik kasb-hunar kolleji rahbari Qozogʻiston bilan hamkorlikda tashkil etilgan kasb-hunar markazini (xitoy tili va texnik mutaxassisliklar) Oʻzbekistonda ham tashkil etish istagini bildirdi.
Bundan tashqari, Chunsin professional muhandislik texnikumi rahbariyati tomonidan Oʻzbekiston bilan sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar texnologiyalari yoʻnalishida hamkorlik qilish orqali oʻzbekistonlik oʻquvchilarni texnikumga oʻqishga jalb qilish, Respublikada pedagoglar malakasini oshirish uchun maxsus Markaz tashkil etish hamda hamkor oʻzbek OTMsi bilan “3+1” yoki “2+2” asosida qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻyish taklif etildi.
Shuningdek, Ilm-fan va texnologiyalar uyushmasi vakili tomonidan Oʻzbekistonga rejalashtirilayotgan boʻlajak tashrifi davomida tegishli OTMlar va IT sohasida xususiy sektor vakillari bilan muzokaralar hamda xalqaro darajadagi qoʻshma ilmiy-amaliy konferensiyasini tashkillashtirishda amaliy yordam soʻraldi.
Uchrashuvda taqdim etilgan takliflar bilan tanishgan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Oʻzbekistonda IT sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy biznes vakillariga yaratilayotgan shart-sharoitlar, jumladan, soliq imtiyozlari va IT taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar bilan tanishtirib, tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini va hamkorlikni aniq istiqbollarini belgilab olish zarurligini taʼkidladi.