Fanlar akademiyasiga yangi a’zolar, bir guruh olimlarga yuksak mukofotlar topshirildi
2023-12-23 19:55:00 / Yangiliklar
![Fanlar akademiyasiga yangi a’zolar, bir guruh olimlarga yuksak mukofotlar topshirildi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F253abe5b-8077-761b-adce-b91ac3bc9560_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 22-dekabrdagi PF-211-son Farmonlariga asosan mamlakatimiz ilmiy-texnologik salohiyatini yuksaltirishda akademik ilm-fanning rolini kuchaytirish ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda Fanlar akademiyasi hay’ati va tegishli fan ixtisosliklari bo‘yicha faoliyat ko‘rsatayotgan haqiqiy a’zolarning tavsiyasiga asosan fizika-matematika, kimyo, biologiya, texnika, qishloq xo‘jaligi va boshqa fanlar bo‘yicha bir guruh olimlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi e’tib tasdiqlandi.
Shuningdek, Davlatimiz Rahbarining 2023-yil 22-dekabrdagi PF-212-son Farmonlari bilan mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning intellektual salohiyatini yuksaltirish, nufuzli xorijiy muassasalar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh olimlar davlatimzning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 23-dekabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasida mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva faxriy unvon, orden va medallarni, shuningdek, Prezidentimizning topshiriqlariga asosan Bosh vazir Abdulla Aripov Fanlar akademiyasining yangi haqiqiy a’zolariga ko‘krak nishoni hamda guvohnomani o‘z egalariga topshirdilar.