Investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi
2023-12-05 10:00:00 / Yangiliklar
Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazir o‘rinbosarlari, vazirlik huzuridagi tashkilotlar vakillari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasidan mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Unda, 2023-yil uchun belgilangan investitsiya ko‘rsatkichlari, erishilgan natijalar, loyihalarning ijrosi, yil yakunigacha kutilayotgan ko‘rsatkich va 2024-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarlarining Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2023-yil yanvar-noyabr oylarida amalga oshirilgan XMI va investitsiya loyihalari yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Aytish kerak, vazirlik tomonidan joriy yilda qiymati 988,5 mln dollar bo‘lgan 24 ta investitsiya loyihalari (16 ta 578,6 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya loyihalari va 8 ta 409,9 mln dollarlik XMI loyihalari) ni amalga oshirish belgilangan.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Xodjaev o‘z navbatida sohaga yangi investitsiyalarni jalb etish hamda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq harakatlar algoritmini ko‘rsatib, xorijiy kreditlardan samarali foydalanish va investitsiya dasturidagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirsh bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.
Qolaversa, agrar sohadagi transport, logistika, agro-xizmatlar, sug‘urta, lizing kabi yo‘nalishlardagi foydalanilmayotgan imkoniyatlarni to‘liq ishga solish zarurligi qayd etilib, sohadagi islohotlarni faollashtirish, bunda fermer va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratish zarurligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, vazirlik tomonidan oliy darajadagi tashriflar va invest-forumlarda kelishilgan qiymati 5 milliard dollardan ziyod istiqbolli xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.