O‘zbekiston Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda
2023-12-05 09:45:00 / Yangiliklar
Tadbir IHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi savdo, moliya, transport, aloqa, qishloq xo‘jaligi, turizm, kambag‘allikni qisqartirish va raqamli transformatsiya kabi sohalarda sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni muhokama qilishga bagʻishlandi.
Yigʻilish doirasida Laziz Kudratov IHTga aʼzo qator davlatlarning tegishli vazirliklari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.
Xususan, Pokiston Savdo vaziri Gohar Ejaz bilan “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” uch tomonlama uchrashuv bayonnomasi, savdo-sanoat, moliya, bank, transport-logistika va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirilish harakatlari muhokama qilindi. 2022-yilda Imtiyozli savdo bitimining tuzilishi O‘zbekiston-Pokiston tovar ayirboshlash hajmini 40% oshirish imkonini berdi, shu munosabat bilan tomonlar Erkin savdo bitimini ishlab chiqish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib oldilar.
Turkiya Savdo vaziri Omer Bolat bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda joriy yilning oktabr oyida 2,6 milliard dollarga yetgan tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish maqsadida tomonlar muvofiqlik sertifikatlarining o‘zaro tan olinishini tartibini ishlab chiqish hamda bojxona to'lovlarini kamaytirish maqsadida mahsulotlar ro‘yxatini yaratish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatladilar.
BAA Iqtisodiyot vaziri Abdulla Al-Mari bilan logistika infratuzilmasi, bank va sug‘urta, fond bozorini rivojlantirish, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, sun’iy intellekt sohasida hamkorlik, dasturlash va ma’lumotlarni qayta ishlash kabi sohalarni qamrab oluvchi qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qayd etilishicha, O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil ichida BAA kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2,5 barobar ko‘payib, 240taga yetdi. 2022-yilda BAA bilan tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollardan oshdi. Shu munosabat bilan, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo‘shma tadbirlar – HK yig‘ilishi va biznes-forumlarni o‘tkazishni faollashtirish taklif etildi.
Xorijlik hamkasblar bilan muzokaralar kun tartibida transport va logistika sohasidagi hamkorlik ham muhim o‘rin tutdi. Tomonlar transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, yuk tashish hajmini oshirish, tranzit jarayonlarini soddalashtirish va transport infratuzilmasini rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
Uchrashuvlar yakunida amaliy hamkorlik va amaldagi kelishuvlar ijrosini tizimli monitoring qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilgan holda ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha o‘zaro tayyorlik bildirildi.